shape
shape

Strategik hamkorlik yangi bosqichda

Event Image

Strategik hamkorlik yangi bosqichda

Zamonaviy globallashuv sharoitida mamlakatimizning dunyo mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik mintaqaviy taraqqiyotning asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda. 2026-yil 11-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning qadimiy va navqiron Buxoro shahriga amalga oshirilgan tashrifi ana shunday muhim tarixiy voqealardan biri sifatida alohida e’tiborga loyiqdir.

Uchrashuv markazi sifatida Buxoroyi sharifning tanlanishi bu zaminning buyuk allomalar, mutafakkirlar va olimlar yetishib chiqqan maskan sifatida har doim ilm-fan va madaniyat markazi bo‘lib kelganini ko‘rsatadi. Bu esa ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy rishtalarning mustahkamligini yana bir bor tasdiqlaydi. Buxoro turkiy va islomiy sivilizatsiyaning qadimiy markazlaridan biri bo‘lgani bois ushbu tashrif oddiy diplomatik safardan ko‘ra kengroq ma’no kasb etadi. Mazkur tashrif tarixiy xotira, madaniy mushtaraklik va strategik hamkorlikning uzviy uyg‘unlashuvi sifatida namoyon bo‘ldi. Tashrif doirasida ikki davlat yetakchilarining uchrashuvlari o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston va Qozog‘iston mintaqadagi eng yirik iqtisodiy hamkor davlatlar hisoblanadi. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi izchil o‘sib, 2025-yil yakunlariga ko‘ra 5 milliard  dollarga yaqinlashgan bo‘lsa, joriy yilda esa ushbu ko‘rsatkich 6 milliard dollardan oshirilishi rejalashtirilgan. Bu natijalarga erishishda yuqori darajadagi siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarning yanada chuqurlashishiga xizmat qiladi. Buxoro hududi investitsiyaviy jozibadorligi, tarixiy merosi va strategik geografik joylashuvi bilan ajralib turadi. Shu nuqtayi nazardan, Qozog‘iston bilan turli qo‘shma sanoat zonalarini tashkil etish, logistika markazlarini rivojlantirish hamda turizm infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etadi. Tashrif doirasida
savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport-logistika tizimini rivojlantirish, energetika va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni rivojlantirish muhokama qilindi. Mamlakatimizdagi yetakchi toʻqimachilik korxonalaridan biri bo‘lgan “Nigora” kompaniyasining “Shoyigul” brendi ostida chiqarayotgan tayyor mahsulotlari dunyo bo‘ylab eksport qilinayotgani va kompaniyaning kelajakdagi rejalari bilan tanishish davlat rahbarlarining diqqatini tortgan bo‘lsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan “National AI Hackathon” – sunʼiy intellekt boʻyicha umummilliy xakatonning namoyish qilinishi Oʻzbekiston va Qozogʻiston startaplarini qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish ekotizimi taqdimoti bilan davom etdi. Shuningdek, prezidentlar “KPI-COM”, “OSON”, “DATOX” va boshqa istiqbolli startap loyihalari faoliyati bilan tanishishdi.

Amaliy tashrifning yana bir muhim jihati madaniy aloqalarning yangi bosqichga chiqishidir. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati sohalarida hamkorlikni kengaytirish yo‘lida faoliyatini knegaytiradi. Chunki ikki xalq azaldan umumiy tarix, til va madaniyat bilan bog‘langan. Mazkur tashrif doirasida ilgari surilgan “intellektual integratsiya” konsepsiyasi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy yoki siyosiy darajada, balki bilim, innovatsiya va ilmiy tafakkur almashinuvi orqali mustahkamlanishini ham ta’minlaydi. Bu yondashuv ayniqsa oliy ta’lim muassasalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Ta’kidlash lozimki, ta’lim sohasida, ilm-fan sohasida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalarining hamkorligi bir necha yildan buyon samarali davom etmoqda va endi bu yo‘nalishdagi faoliyat yanada rivojlanadi. Chunki bugungi kunda zamonaviy ta’lim tizimi faqat milliy doirada emas, balki mintaqaviy va xalqaro hamkorlik asosida rivojlanmoqda. Shu bois, qo‘shma ta’lim dasturlari, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlarni integratsiya qilish kabi yo‘nalishlar ta’lim sohasida faoliyat olib borayotganlarning ustuvor vazifasi qatoriga kiradi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularning dunyoqarashini kengaytirish va innovatsion fikrlashini rivojlantirishga xizmat qiladi. Buxoro davlat pedagogika instituti hamda Qozog‘iston Respublikasining dunyoning mashhur Top 1000 universitetlari reytingidan o‘rin olgan turli universitetlari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirgi kunda birgalikda ilmiy tadqiqot faoliyatini olib borish, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, tajriba almashish faol olib borilmoqda. Jumladan, 2026-yil 25–27-mart kunlari o‘tkazilgan III xalqaro geograflar kongressida yuzdan ortiq qozog‘istonlik olimlar Buxoro davlat pedagogika institutida bo‘lishdi, akademik va xalqaro faoliyatni yanada rivojlantirish borasida muhim kelishuvlarga erishildi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning navbatdagi amaliy tashrifi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda muhim voqea sifatida tarixga kirdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqib, yaqin kelajakda aniq amaliy loyihalar orqali o‘z ifodasini topadi.

                                       Bahodir Ma’murov,

Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,

         pedagogika fanlari doktori, professor