shape
shape

Sport orqali kuchli jamiyat: islohotlar va istiqbollar

  • Bosh sahifa
  • Sport orqali kuchli jamiyat: islohotlar va istiqbollar
Event Image

Sport orqali kuchli jamiyat: islohotlar va istiqbollar

Joriy yilning 7-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan olib borilgan videoselektor davlat siyosatining strategik davomi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. So‘nggi to‘qqiz yillik islohotlar natijasida 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi barpo etilgani, hududlarda 200 dan ortiq yirik sport inshooti, 4 mingga yaqin xususiy sport klubi ish boshlagani, sport bilan professional shugʻullanuvchi yoshlar soni 2 karra oshgani, olimpiya terma jamoalari sportchilari 2 barobar, paralimpiya boʻyicha esa 3 barobar koʻpaygani, birgina oʻtgan yilda sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalni qoʻlga kiritilgani, ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangilagani e’tirof etildi. Ammo, aytilgan yutuqlar bilan bir qatorda, sohadagi kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Ayniqsa, aholining ommaviy sportga jalb etilishi, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha sport sinovlarining topshirilishi, sport turlari bo‘yicha chempionlarni tayyorlash tizimining samaradorligi tanqidiy muhokama etildi. Sportdagi yutuqlarni va ommaviy sportga jalb qilish natijadorligini rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha mukofotlarning joriy qilinishi yangi kuch va g‘ayrat bilan harakatlanishimizga stimul bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yaratilayotgan ushbu imkoniyatlar albatta o‘z mevasini beradi va iqtidorli yoshlarni saralab olishga keng imkoniyatlar eshigi ochiladi.

          O‘rta yoshli aholining jismoniy tarbiya va sportga jalb qilinishi esa ularda uchraydigan kamharakatlilik, semizlik, qon bosimining oshishi, mushaklar atrofiyasi, umurtqa pog‘onasining qiyshayishi va disk churrasi, yurak-qon tizimining kasalliklarini bartaraf etish orqali mehnat samaradorligi va umrning uzayishiga olib keladi. Videoselektorda mutasaddi tashkilotlar va xodimlar aholining dori-darmon bilan davolanish konsepsiyasidan voz kechib, “Sog‘lom turmush tarzi” ko‘nikmalarini shakllantirish vazifasi turganini his qilgan holda faoliyat yuritishi lozimligiga urg‘u berildi.

          Aholini sportga jalb qilish va seleksiya ishlarida “mahalla - maktab - sport muassasasi - federatsiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi yondashuvning joriy etilishi sportda natijadorlokni oshirishga qaratilgan eng asosiy qadamlardan biri bo‘lib hisoblanadi. Chunki, har bir shaxsning ichki imkoniyatlari, layoqati, iqtidorini inobatga olgan holda sport turlariga yo‘naltirilsa va tegishli sharoitlar yaratilsa, sportdagi yutuqlarning tez sur’atda o‘sish ko‘rsatkichlariga ega bo‘lamiz.  Olib borilgan tadqiqotlar natijasida aholining 7% yuqori harakat qobiliyatiga egaligi va shundan 0,13%i esa iste’dodlilar qatoriga kirishi aniqlangan. Ammo, aholisi kam bo‘lgan davlatlarda sportdgi yutuqlar foizi ko‘pligini ko‘ramiz. Bu nimadan dalolat beradi? Bu sportda yetakchi davlatlarda sportchilarni izlab topish va sport turlariga to‘g‘ri yo‘naltirish, istiqbolli sportchilarni tanlash va tarbiyalashning ilmiy asoslangan tizimi joriy etilganligidan dalolat beradi. Shunday ekan, sport iste’dodlarini izlash, istiqbolli sportchilarni tanlash va tarbiyalashning mukammal ilmiy asoslangan tizimi joriy etish Yangi O‘zbekistonda sportchilarni tarbiyalashning poydevori bo‘lishi lozim.

          Yangi O‘zbekistonga yangicha fikrlaydigan, barcha sohalarni yuqori cho‘qqilarga olib chiqadigan, eng oldi industrial davlatlar qatoriga qo‘shadigan, Yangi O‘zbekiston bayrog‘ini baland qo‘tarib, ko‘ksida milliy g‘urur va ota-bobolarining duosi bilan har bir ishini boshlaydigan har tomonlama yetuk, intellektual rivojlangan yoshlar kerakligiga yana bir karra to‘xtalib o‘tamiz.  Sport esa yuqorida aytib o‘tilgan yoshlarning tarbiyalanishiga poydevor yaratadi, mard va jasur bo‘lishiga undaydi. Biz professor-o‘qituvchilar oldida turgan yosh avlodni har tomonlama yetuk shaxs va o‘z kasbining mukammal egasini tarbiyalash kabi vazifalarni hal etishda kamarbasta bo‘lib faoliyat yuritishimiz lozim.  

BuxDPI Jismoniy madaniyat fakulteti yoshlar

masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha

dekan o’rinbosari p.f.f.d.( (PhD), dotsent                                  F.B.Muzafarova