shape
shape

Buxoro davlat pedagogika instituti cityfermasida mikroko‘katlar va manzarali o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar

  • Bosh sahifa
  • Buxoro davlat pedagogika instituti cityfermasida mikroko‘katlar va manzarali o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar
Event Image

Buxoro davlat pedagogika instituti cityfermasida mikroko‘katlar va manzarali o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar

Buxoro davlat pedagogika instituti hamda Greenic MCHJ hamkorligida tashkil etilgan zamonaviy cityfermada biologiya, qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiya yo‘nalishidagi innovatsion loyihalar izchil va tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, bugungi kunda cityfermada ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda hamda ilmiy-amaliy tajribalar asosida samarali natijalarga erishilmoqda.

Xususan, cityferma sharoitida mikroko‘katlarning yangi va istiqbolli turlari yetishtirilmoqda. Ushbu mahsulotlar yuqori ozuqaviy qiymatga, vitamin va mikroelementlarga boyligi bilan ajralib turadi. Ayni paytda ular asosida inson salomatligi uchun foydali bo‘lgan biologik faol ozuqaviy qo‘shimchalar ishlab chiqish va takomillashtirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Jarayonlar zamonaviy agrotexnologik uskunalar va innovatsion yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yilib, mahsulot sifati hamda xavfsizlik ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan yangi atirgul navlarini ko‘paytirish, ularni mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirish va seleksiya asosida barqaror navlar yaratish bo‘yicha tadqiqod ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalish manzarali o‘simliklar yetishtirish sohasida ichki bozorni sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, cityfermada veshinka zamburug‘ini mitseliy asosida ko‘paytirishning ilg‘or texnologiyasi joriy etilib, yil davomida barqaror va sifatli hosil olish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tajribalar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish va bozor talabiga mos, raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirish imkonini bermoqda.

Mazkur jarayonlarda institutning tajribali professor-o‘qituvchilari hamda talabalar faol ishtirok etmoqda. Talabalar nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, zamonaviy agrotexnologiyalar, innovatsion ishlab chiqarish jarayonlari va startap loyihalar bilan yaqindan tanishmoqda. Bu esa ularning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga qiziqishini oshirish hamda kelgusida malakali va raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishiga zamin yaratmoqda.

Umuman olganda, BuxDPI cityfermasi hududiy miqyosda agrotexnologik innovatsiyalarni joriy etish, ilmiy-amaliy tajribalarni kengaytirish hamda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan ilg‘or tajriba maydoniga aylanmoqda.